top of page
Ara
  • Yazarın fotoğrafıAlp Asli

RUSTAMJON UMMATOV 69 yoshda



Bu nom respublikamiz o‘quvchilariga yaxshi tanish. Qirq yillik ijodiy faoliyati davomida Rustamjon Ummatov o‘ttizga yaqin ilmiy, tarixiy, hujjatli, publitsistik, sheʼriy, badiiy va tarjima asarlarni kitobxonlar mulkiga aylantirdi. Ular poytaxtimizdagi (“SHARQ”, “Yangi asr avlodi”, “O‘ZBEKISTON”, “Davr Press”, “MUMTOZ SO‘Z”, “Voris”) va vodiy nashriyotlarida bosilgan. Yana oltita kitob nashrga topshirilgan, ikkitasi yakunlanish arafasida. So‘zni muxtasar qilish tilagida hali o‘quvchilar qo‘liga yetib bormagan asarlar nomini keltirish bilan cheklanamiz: “Qotillarni qoldirib dog‘da” (roman), “Bobur va Napoleon” (tarixiy-qiyosiy esse), “G‘aznai Namangon” (ensiklopediya), “31-avgust” (Lorans Kosse, roman), “Intiqom va ishq” (Genri Rayder Xaggard, roman), “Shevalye de Mezon Ruj” (Aleksandr Dyuma, roman), “Anjelika va chandiq yuzli nogiron” (Ann va Serj Golon, roman), “Anjelika: Versal sari yo‘l” (Ann va Serj Golon, roman). Bundan tashqari, yozuvchining vaqtli nashrlarda eʼlon qilingan 1000 dan ziyod tesha tegmagan mavzulardagi ocherk va maqolalari borki, tartibga solinsa, bir necha jild kitob bo‘ladi.

R. Ummatov 1952-yil 29-aprel kuni Chortoq shahrida tavallud topgan. Namangan Davlat pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetini (1974) tamomlagach, maktabda, viloyat teleradiokompaniyasida muxbir, muharrir, bo‘lim mudiri, bosh muharrir (1982–1999), viloyatning bosh nashri – “Namangan haqiqati”da maxsus muxbir (2000–2012), respublikaning yetakchi nashrlaridan “Qishloq hayoti” gazetasining Namangan viloyati, keyinchalik Farg‘ona vodiysi bo‘yicha muxbiri (2001–2007) va respublika “Adolat” gazetasining Namangan viloyatidagi o‘z muxbiri vazifalarida ishladi.

U Nuriddin Ummatov (1914–1987) va Sojiraxon Ummatovalarning (1925–2012) to‘ng‘ich farzandi bo‘lib, oilada uch o‘g‘il, ikki qiz ulg‘ayishgan. Yozuvchining otasi N. Ummatov Ikkinchi jahon urushi paytida partizanlikda bo‘lgan va orden-medallar bilan taqdirlangan edi.

Rustamjon Ummatov imzosi bilan “Jahon adabiyoti” jurnalida chop etilgan asarlar: “Bobur va Napoleon” (tarixiy-qiyosiy esse, 2019-yil 2-3-sonlar), “31-avgust” (Lorans Kosse, roman, 2017-yil 8-son), “Jallod qo‘lidagi oshiqlar” (Aleksandr Dyuma, roman, 2021-yil 2-son).

Adib, shoir, tarjimon, publitsist va akademik R. Ummatov hozirda ham tinimsiz harakatda, ijodiy izlanishlar davom etmoqda.


2021-yil 29-aprel

9 görüntüleme0 yorum

Son Yazılar

Hepsini Gör
Yazı: Blog2_Post
bottom of page