top of page
Ara
  • Yazarın fotoğrafıAlp Asli

Abulhasan Haraqoniy yohud Qalqon ota tarixi


Abulhasan Haraqoniy buyuk turkiy hukmdor Mahmud G‘aznaviy imperiyasi hududida katta faoliyat yuritgan. Xususan, hozirgi O‘zbekiston maydonida juda ko‘p xayrli ishlar qilgan va o‘z falsafasini targ‘ib etgan. U, madaniyat va islomiyat markazi bo‘lmish Buxoroda, so‘lim va qudratli shahar Samarqandda ko‘p bo‘lgan, odamlarga yordam ko‘rsatish uchun kuch-quvvatini ayamagan. Shuningdek, Navoiy viloyatining Xatirchi qishlog‘ida va, el og‘zida qolgan gaplarga ko‘ra, hozirgi Surxondaryo viloyatidagi Denov shahri atroflarida, Qurʼonni, hadislarni, islomiy qonunlarni, to‘g‘ri yashash qoidalarini xalqqa tushuntirish ishlarini olib borgan. O‘z ixlosmandlariga tasavvuf sirlarini bayon etgan. Natijada, yerlik aholi unga katta ixlos bilan qaragan, uning avliyolik darajasidagi insonligiga qalbdan ishongan.

Abulhasan Haraqoniy ushbu ixlos va ishonchga, albatta, o‘zining valiylik faoliyati bilan javob qilgan. Masalan, u Buxoroda yashagan vaqtida, bir tanishining taklifiga ko‘ra, Xatirchi kasabasiga kelgan va shu yerda ancha davr istiqomat qilgan. Bir kuni ushbu obod va boy qishloqqa, katta o‘lja olish umidida, yov hujum qilib qolgan. Shayx ana shu paytda o‘z karomati va duolari orqali dushmanlarning bu maskanga umuman qadam bosmaydigan qilib qo‘ygan. Shu bois, ushbu voqeadan so‘ng, xalq Haraqoniy bizni yov sharridan himoya qildi, bizga qalqon bo‘ldi deb, uni Qalqon ota sifatida tilga olishga tushganlar. Shu-shu, Shayx Abulhasanning nomi Qalqon ota bo‘lib ketgan. Uning nomi shunchalik ulug‘likka chiqqanki, mana, o‘sha muhorabalardan o‘n asr o‘tdi, lekin o‘sha qishloq odamlarining avlodlari Qalqon otani hamon eʼzozlaydilar. Xattoki, aytishlaricha, ixlosmandlar valiyning vafotidan so‘ng, Haraqonga borib, qabri tuprog‘idan olib kelib, shu yerga ramziy maqbara ham qurishgan.

Hozirgi paytda, Xatirchi tumanidagi Qalqon ota nomli qishloqdan o‘tadigan anhor yonida hali hamon o‘sha maqbara mavjud. Odamlar bu yerga hamisha ziyoratga kelib turadilar.

Shuningdek, Surxondaryo viloyati, Denov tumanida oqib o‘tadigan Qizilsuv daryosi bo‘yida, Denovshahridan 3 km nariroqda joylashgan Qoraxon qishlog‘ida (“Guliston” k.f.y.) Shayx Abulhasan Haraqoniyning ramziy qabri va maqbarasi bor. Uning yonida masjid va chillaxonalar ham mavjud. Bu qishloqning nomi qadimda Haraqon deb atalgan, vaqt o‘tishi bilan talaffuzga oson qilib, uni Qoraxonga aylantirib yuborishgan, degan taxmin-fikrlar bor. (Bu haqda keyingi bobda batafsil to‘xtalaman).

Ammo, taʼkidlashim kerakki, bu haqda rasmiy manbalarda axborot mavjud emas. Ayrimlar, xattoki, Qoraxon umuman boshqa kimsa bo‘lgan deb hisoblaydilar. Lekin, bunga ham biron bir, na rasmiy, na rivoyatiy dalil yo‘q. Shunday teskari fikrlarga qaramay, xalqimiz o‘sha yerda Shayx Abulhasanning ruhini tavob qilishda to‘xtamaydi.

Bu holatlar Haraqoniyning O‘zbekiston hududida ko‘zga ko‘rinarli ancha ishlar qilganiga dalolatdir. Chunki, xalqimiz azal-azaldan faqatgina valiy maqomiga erishgan kimsalarnigina hurmat qilgan, ularga mustahkam maqbaralar qurgan. Hamda, bir qancha asrlar o‘tsa ham bunday muqaddas joylarni ziyorat qilishni to‘xtatmagan. Shayx Abulhasan ana shu Denov tumanida ham xalqni ezgulikka yetaklagan, muhtojlarga yordam bergan, ko‘ngillarga quvonch bag‘ishlagan, degan ishonch bor.

Shayx Abulhasan, qayerda bo‘lmasin, shunday savobli ishlar qilgani tufayli el hurmatiga sazovor bo‘lgan. Haraqoniyning bir shiori bo‘lgan: “Insonlarga yordam berish, biror bir mo‘minning ko‘nglini quvnatish – bu Yaratganga yoqadigan ishdir!” U shu so‘zlarga doimo amal qilgan.

Natijada, bu o‘lkada ham, vafotidan so‘ng unga ramziy maqbara tiklangan. Mana, necha asrdirki, ushbu maqbaraga kelayotgan ziyoratchilar oqimi to‘xtamaydi.

Shayx Abulhasan Haraqoniyning haqiqiy qabri va maqbarasi o‘zining tug‘ilgan qishlog‘i Haraqonda joylashgan. Bu maskan hozirgi Eronning Shohrud shahridan 24 km naridadir.

ABULHASAN HARAQONIYNING DENOVDAGI FAOLIYATI

Men ushbu risolani bitish mobaynida Denovga safar qildim. Maqsadim, haqiqatdan ham bu diyorda Abulhasan Haraqoniy yashaganmi yoki yo‘qmi, aniqlash edi. Chunki, bu masalada ikki xil qarash bor.

Bir tomonning fikri shundayki, bu zot umuman bu diyorga kelmagan. Uning Chag‘aniyonda faoliyat yuritgani to‘g‘risida hech qanday rasmiy maʼlumot yo‘q. Manbalar mavjud emas. Avliyo Eronga dafn qilingan va umrining oxirigacha o‘sha mamlakatda yashagan. O‘h-ho‘, Shohrud qayoqda-yu, Denov qayoqda!

Ikkinchi tomon esa boshqacha fikr bildiradi. Sulton Mahmud G‘aznaviy zamonida Chag‘aniyon ham, Eron ham bir mamlakat hududida bo‘lgan. Insonlar ushbu imperiya maydonida istagan yurtlariga, qalb amri bo‘yicha sayohat qilaberganlar. Bunday amal, ayniqsa, valiylarga xos bo‘lgan. Sababi, ular o‘z taʼlimotlarini iloji boricha ko‘proq odamlarga maʼlum qilishlari lozim edi. Shuning uchun, Abulhasan Haraqoniy o‘z tug‘ilgan diyoridan geografik uncha uzoq bo‘lmagan Surxon vohasiga albatta kelgan. Va keng faoliyat yuritgan.

Shuning uchun, ushbu buyuk tarixiy shaxsga bag‘ishlangan risoladagi barcha maʼlumotlarning qanchalik darajada haqiqatga mos kelishi to‘g‘risida o‘quvchilarga barcha axborotni berish zarur. Toki, asar dunyo yuzini ko‘rgach, kimdir manba so‘rab qolishi, uydirmalarni yozibdi, bu muallif deb, tanqid qilib qolishi mumkin. Chindan ham, Haraqoniyning Denovda bo‘lganligini rasman tasdiqlovchi hujjatlar yo‘q. Lekin, ushbu diyor odamlar orasida yurgan rivoyatlar, avloddan avlodga o‘tib kelgan esdaliklar mavjud. Bu odamlarning gaplarini tirik guvohlar berayotgan maʼlumot sifatida qabul qilish mumkin.

Safarimni shahar ichidagi Qoraxon otaniki deb nomlanib kelgan maqbarani ziyorat qilishdan boshladim. Bu dargoh taʼmirlanayotgan ekan. Bu qurilish ishlarini denovlik tadbirkor Boboqul aka O‘roqov amalga oshirayotgan ekan.

“Ayni shunday ishlarga meni marhum, Tol qishloqlik Ismoil ota undaganlar, – aytdi u. – To‘qsoninchi yillarda, men Denovdagi hammomni sotib olib, uni zamonaviy uslubda taʼmirlaganman. U kishi har hafta g‘uslga kelar ekanlar, menga qayta-qayta gapirardilar: “Mana shu hammomning yonidagi qabr – Abulhasan Haraqoniyniki. Qoraxon otaniki emas. Bu haqda eski kitoblarda o‘qiganman. Sen tadbirkorsan, ishbilarmonsan. Sen tarixiy haqiqatni yuzaga chiqarib, valiyning ruhi duosini ol. Maqbarani obod qil. Baraka topasan”.

Keyingi boradigan manzilim – Qizilsuv daryosi yonidagi Qoraxon qishlog‘i bo‘ldi. U yerda qabriston bor ekan. Va ayni shu yerda, yurtimizdagi aziz-avliyolar tarixi bilan qiziqib, shug‘illanib, maʼlumotlar yig‘ib yuruvchi ziyoli inson Muhammadnazar Ochildiyevning gaplari bo‘yicha, Hazrat Abulhasan Haraqoniy yashagan va faoliyat yuritgan ekan. Ushbu maskan ham tadbirkor Boboqul O‘roqov tomonidan obod etilayotganining guvohi bo‘ldim.

Ushbu qabristonning bir chetida xalq tilida Shayx buva yoki Xalfa buva deb ataluvchi, XX asrda yashab, faoliyat yuritgan bir aziz zotning maqbarasi va yashagan uyi bor ekan. Asl ismlari Shayx Sayid Abdumeli (otalarining nomi Sayid Abdurahmon buva), 1937-yilda Vaxshuvordan kelib, shu joyda qo‘nim topib, hayot kechirgan ekanlar. “1998-yilda bir yuz yigirma besh yoshga kirib vafot etganlar”, — dedi, shu maskanda istiqomat qilayotgan, u zotga nabira kuyov bo‘lmish Muhiddin.

Xalfa buva amaldagi tibbiyot xodimlari davolay olmaydigan yoki davolanishi uzoqqa cho‘ziladigan bemorlarga yordam ko‘rsatish bilan shug‘illanganlar. Hech kimga palon so‘m berasan, demaganlar. Kechalari uxlamaganlar. Faqat toat-ibodat bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Mijja qoqmasalar ham hamisha bardam yurganlar. Bir-ikkita ixlosmand yordamchilari bo‘lgan. Ana o‘shalar Xalfa buvaning kechalari uchganlarini, yovvoyi, yirtqich hayvonlarni bo‘ysundirganliklarini, ularga non berib erkalaganliklarini kuzatganlar. Shifokorlikdan tushgan pullarni xalqning o‘ziga qaytarar ekanlar: yo bechorahol oilalarga berib, yo juma kunlari namozxonlarga osh dasturxon tuzab, sarf etar ekanlar. U zotdan qolgan uy-joyni ko‘rdim. Hech qanday hashamat yo‘q. Juda oddiy, zamonaviy taʼmirlanmagan, mebellari umuman yo‘q bir necha xonalardan iborat bino. “Istasalar qasr qura olardilar”, — deydi asli vaxshuvorlik Muhiddin. Bu yerda hozir u zotning qizlari, bir o‘g‘il, bir qiz nabira va kuyov yashashadi. Va o‘z bobolarining ishlarini davom etdirishmoqda. Xalfa buva kech uylanganlar – yetmish yoshga kirganlarida, “Payg‘ambarimizning sunnatlarini ado etishim kerak!” – deb oila qurganlar, ulardan ikki qiz qolgan .

Xalfa buva nega o‘z faoliyatlari uchun xuddi shu maskanni tanlagan? Bunga ikki xil javob bor: 1) Tasodifan kelib qolib, bu manzil u zotga yoqib qolgan;

2) Tushda yoki qandaydir bir ruhiy holatda ayni shu joyga kelib istiqomat qilishga kimdir ko‘rsatma bergan.

Tasavvuf, valiylar olamini bilmaydigan, anglamaydigan kimsalar birinchi javob tarafdori bo‘ladilar, nazarimda. Avliyolar hayoti tarixini o‘rganlar esa, ularning faoliyatlaridan ozmi-ko‘pmi xabardor kimsalar hech ikkilanmay, ikkinchi javob tarafdorlari qatoriga o‘tadilar. Chunki, valiylar biron bir jiddiy xatti-harakatni ishoratsiz amalga oshirmaganlar. Men ham ana shular tomonidaman.

Ushbu qishloqda muqim bo‘lib qolgan Shayx Sayid Abdumelining birinchi, zohiriy piri Tojikiston hududida istiqomat qilgan Sayid Jaloliddin Eshon bo‘lgan. Va u zot Xalfa buvani ana shu maskanga borib, bir paytlar bu yerda yashagan Abulhasan Haraqoniydan uvaysiyona tarbiya olish vazifasini topshirgan bo‘lishi kerak. Natijada, ko‘rsatmaga amal qilib, u zot yillar davomida Denov diyoridagi ushbu qishloqda ruhiy tarbiya olib, yuqori darajaga erishgan.

Xalfa buva, Vaxshuvordan ziyoratga kelib, nabira kuyov bo‘lib qolgan yigit – Muhiddinga o‘z ruhiy pirlari Abulhasan Haraqoniyning taʼlimoti, xislatlari va karomatlari haqida tez-tez gapirib berar, va uning xuddi shu maskanda to‘qqiz-o‘n asr ilgari bir qancha yil yashaganliklarini so‘zlar ekan.

Xalfa buva maskanining bir chetida ming yillik bir tut daraxti hamon o‘sayotganini ko‘rdim. Ushbu daraxt haqida bir chiroyli rivoyat ham bor.

Abulhasan Haraqoniy Chag‘aniyonga kelar ekan, ayni shu yerga yetganda namoz payti bo‘lib qolibdi. Shunda u tut shoxidan qilingan hassasini yerga qadab, ibodatga kirishibdi. Bir qancha vaqtdan so‘ng, namozini tugatib, hassasiga qarasa ko‘karayotgan emish. Buyuk valiy shunda tushunibdiki, uning yashaydigan yeri xuddi shu joydir. Shundan keyin, u bu yerga uy qurib, unda yashab, xalqqa Yaratganning haqiqatlarini anglata boshlagan ekan.

Aytilgan, hamon ko‘karib turgan daraxtning tanasini ikki odam bazo‘r quchog‘iga ololsa kerak. Shoxlari atrofga o‘sib, o‘z tagida kattagina kapa hosil qilgan. Qurigan shoxlari ham ko‘p. Ularga tegishmas ekan. Xullas, ushbu qadimiy tut o‘n asrdan beri Abulhasan Haraqoniydan esdalik sifatida mag‘rur qo‘r to‘kib turibdi.

Men yuqorida bayon etilgan maʼlumotlar asosida quyidagi xulosalarga keldim:

1. Shayx Sayid Abdumeli ayni shu qishloqda Abulhasan Haraqoniydan uvaysiyona dars olgan. Menga berilgan maʼlumotlarga qaraganda, u ruhiy pirining falsafasini to‘liq qabul qilgan, o‘sha bo‘yicha yashagan, ustozi kabi mo‘minlar qalbini yashnatuvchi, sahovatpesha bo‘lgan. Abulhasan Haraqoniy o‘z davrida Boyazid Bistomiyning yurtiga borib, u zotning ruhidan dars olib, yuqori darajaga ko‘tarilganidek, Xalfa buva ham o‘z uvaysiy murshidi qanchadir vaqt yashagan maskanda, komillikka erishgan.

2. Chag‘aniyon xalqi o‘sha davrlarda Abulhasan Haraqoniyni shunchalik hurmat qilganki, u o‘z yurtiga ketgach, ziyoratga borib turgan. Bu valiyning vafotidan keyin ham davom etgan. Zero, Sulton Mahmud G‘aznaviy paytida ham, Saljuqiylar imperiyasi zamonida ham bu diyorlar bir mamlakat hududida bo‘lgan. Ko‘pchilik ziyoratchilar yo‘l yurishga qiynalganlari uchun, Haraqoniyning qabr tuprog‘idan olib keltirishgan va ramziy maqbara qurishgan. Natijada, Denov shahrida u zotning qadamjosi paydo bo‘lgan. Oradan asrlar o‘tib, yangi avlodlar kelib, Haraqoniy ota nomi asta-sekin Qoraxon ota shaklida aytiladigan bo‘lib qolgan.

3. Shu o‘rinda, yuqoridagi xulosamizga qarshi chiqaylik. Denovdagi maqbarani qandaydir bir Qoraxon otaga tegishli deb hisoblaylik. Shunda, ketma-ket turli savollar paydo bo‘ladi: Qoraxon ota kim o‘zi? U haqda qanday rasmiy va rivoyatnamo yoki xalq og‘zaki maʼlumotlari bor? Lekin, bu savollarga tayinli javob yo‘q. Men, Abulhasan Haraqoniyning ushbu diyorda yashaganligini tirik odamlardan eshitgan maʼlumotlar asosida mantiqan isbotlaganim kabi, Qoraxon otaning mavjudligini tasdiqlay oladigan biror mitti asos yo‘q. Demak, ikkinchi punktdagi xulosamiz to‘g‘ri: Haraqoniy ota nomi haqiqatdan zamonlar o‘tib, Qoraxon otaga aylanib ketgan.

4. Bayon qilingan uchta xulosaga tayangan xolda yakuniy va asosiy natijaga kelamiz: “Qoraxon” qishlog‘i, “Qoraxon ota” maqbarasi asli Abulhasan Haraqoniyga tegishli. Shuning uchun, ushbu joylarning haqqoniy tarixiy nomini tiklash maqsadga muvofiqdir.


Ozod Mo‘min


5 görüntüleme0 yorum

Son Yazılar

Hepsini Gör
Yazı: Blog2_Post
bottom of page